G‘azalni o‘qing va quyidagi topshiriqlarni bajaring. *** 1. Ko‘ngillar nolasi zulfing kamandin¹ nogahon ko‘rgach, Erur andoqki, qushlar qichqirishqaylar yilon ko‘rgach. 2. Ko‘ngil chokin ko‘zumda ashki² rangin elga fosh etdi, Balig‘ zaxmini fahm aylarlar el daryoda qon ko‘rgach. 3. Ko‘zum qon yosh to‘kar, netib ko‘ngil zaxmin yashuraykim, Toparlar yerda zaxmin sayd³ qonidin nishon ko‘rgach. 4. Bo‘yolg‘on qon aro jon pardasi yetgach g‘ami hajring, Ko‘ngil bog‘ida bargedurki, ol o‘lmish xazon ko‘rgach. 5. Xadanging⁴ zaxmi ichindin balolarni yug‘on yoshim Erur tifle⁵ ki, olg‘ay qush bolasin oshyon ko‘rgach. 6. Ko‘ngillar naqdini toroj etarga yopmog‘ing burqa’⁶, Aningdekdurki, toz bog‘lar qaroqchi karvon ko‘rgach. 7. Yuzin zulf ichra to ko‘rdim, o‘lib vasliga yetmasmen, G‘alat ermish yuz urmoq, kecha o‘tni har qayon ko‘rgach. 8. Erur chun olam ichra joh⁷ foniy, yaxshi ot boqiy, Bas, el komin⁸ ravo ayla, o‘zingni komron ko‘rgach. 9. Navoiy, xurdai⁹ nazmingni andoq aylading tahrir, Ki sochqay xurda boshing uzra shohi xurdadon ko‘rgach. LUG‘AT: Kamand¹ − arqon; ashk² − ko‘zyosh; sayd³ − ov, o‘lja; xadang⁴ − o‘q; tifl⁵ − yosh bola; burqa’⁶ − yuzga tutilgan parda; joh⁷ − boylik, davlat; kom⁸ − maqsad, orzu; xurda⁹ − nozik, yashirin, sir. Quyidagi qaysi fikr 8-baytda AKS ETMAGAN?
Toʻgʻri javob: A) Baxt va davlatdan yuz o‘gir, o‘zingga bino qo‘yma.
Bayt mazmuni: olamda joh (boylik, davlat) foniy, yaxshi nom boqiy ekan, o‘zingni komron (baxtli, davlatli) ko‘rganingda elning murodini ravo qil. Baytda davlatdan yuz o‘girish emas, uni el manfaatiga sarflash aytilgan.
Manba: UZBMB namunaviy test topshiriqlari (Milliy sertifikat, Ona tili va adabiyot)