
Kuchga kirgan sana: 2026-yil 5-oktabr. Zehniydan foydalanganda siz va biz nimaga rozi boʻlamiz.
Ushbu shartlar Zehniy (bundan keyin — “biz”) va saytdan foydalanuvchi shaxs (“siz”) oʻrtasidagi shartnoma boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi.
Roʻyxatdan oʻtish yoki Telegram yoki Google orqali birinchi marta kirish ofertaning akseptidir (370-modda): shu paytdan boshlab shartlar siz uchun amal qiladi. Maxfiylik siyosati shu shartlarning ajralmas qismidir.
18 yoshga toʻlgan boʻlsangiz, Zehniydan oʻzingiz foydalanishingiz mumkin.
18 yoshga toʻlmagan boʻlsangiz, faqat ota-onangiz yoki vasiyingiz roziligi bilan foydalanasiz. Roʻyxatdan oʻtishdan oldin ularga shu shartlarni va Maxfiylik siyosatini koʻrsating. Roʻyxatdan oʻtib, ular tanishib chiqqanini va rozi ekanini tasdiqlaysiz.
Zehniy DTM blok testi va Milliy sertifikat imtihonlari shaklidagi sinov varaqlarini hamda mavzular boʻyicha mashqlarni taqdim etadi. Har bir varaq savollar bazasidan siz uchun alohida tuziladi, variantlar tartibi aralashtiriladi. Savollarni mualliflar tuzadi va ular oʻquvchilarga chiqishidan oldin tekshiriladi.
Zehniy davlat xizmati emas. U Bilim va malakalarni baholash agentligi yoki boshqa davlat organi bilan bogʻliq emas, ularning nomidan ish yuritmaydi va ular tomonidan tasdiqlanmagan. “DTM” va “Milliy sertifikat” nomlari faqat varaq qaysi imtihonga moʻljallanganini koʻrsatish uchun ishlatiladi.
Rasmiy imtihonning qoʻlda tekshiriladigan qismi (masalan, yozma ish) Zehniy varagʻiga kiritilmaydi. Bu imtihonni tanlashda ham, natijada ham aytiladi.
Ball tayyorgarlik darajangizni koʻrsatadi va rasmiy natija emas. U rasmiy imtihonda qancha ball olishingizni, grant yoki kontrakt asosida oʻqishga kirishingizni kafolatlamaydi.
DTM varagʻi rasmiy vaznlar (1,1 / 2,1 / 3,1) bilan baholanadi. Milliy sertifikat balli taxminiy: rasmiy ball oʻsha kuni imtihon topshirganlar natijalariga qarab hisoblanadi, Zehniy esa uni savollarning qiyinlik darajasidan hisoblaydi.
Savol yoki javob kalitida xato topsangiz, savol haqida xabar yuboring. Xabarni koʻrib chiqamiz va kerak boʻlsa savolni tuzatamiz.
Vaqt server soati bilan oʻlchanadi: imtihonni boshlaganingizda tugash vaqti belgilanadi va u qurilmangiz soatiga bogʻliq emas. Vaqt tugaganda varaq avtomatik topshiriladi.
Aloqa uzilsa, javoblaringiz qurilmangizda saqlanadi va aloqa tiklanishi bilan yuboriladi. Faqat vaqt tugaguncha serverga yetib kelgan javoblar hisobga olinadi. Brauzer maʼlumotlarini tozalasangiz, hali yuborilmagan javoblar yoʻqoladi.
Hozir Zehniyda ochiq tarif — bepul tarif; Standart va Pro toʻlov ulangunicha administrator orqali beriladi. Bepul tarifda kunlik mashq savollari va oylik sinov imtihonlari soni cheklangan. Amaldagi limitlar “Narxlar” sahifasida, qancha qolgani esa hisobingizda koʻrsatiladi. Kun va oy Toshkent vaqti bilan hisoblanadi.
Mashq toʻplami yoki sinov imtihoni boshlanganda limitdan ayriladi. Mashq toʻplami erta tugatilsa, limit qaytarilmaydi.
Limitlarni oʻzgartirishimiz mumkin; oʻzgarish “Narxlar” sahifasida eʼlon qilinadi. Pullik tariflar tayyorlanmoqda. Ularga toʻlov imkoniyati paydo boʻlganda, narx va toʻlov shartlari shu shartlarga qoʻshiladi va kuchga kirishidan oldin eʼlon qilinadi. Hozir Zehniy sizdan hech qanday toʻlov olmaydi.
Savollar, izohlar, rasmlar va sayt dizayni Zehniy va savol mualliflariga tegishli va mualliflik huquqi bilan himoyalangan. Ulardan faqat oʻz tayyorgarligingiz uchun foydalanishingiz mumkin.
Natija kartangizni istalgan joyda ulashishingiz mumkin.
Savol haqidagi xabaringiz yoki taklifingizdan savolni tuzatish va xizmatni yaxshilash uchun haq toʻlamasdan foydalanishimiz mumkin. Savol mualliflarining huquq va majburiyatlari alohida shartlarda belgilanadi.
Hisobingizni istalgan vaqtda profil sahifasida oʻzingiz oʻchirishingiz mumkin; oʻchirilgan hisobni tiklab boʻlmaydi. Xodim hisobini oʻchirishni soʻrasangiz, Maxfiylik siyosatidagi tartibda 30 kun ichida bajaramiz.
Shartlar qoʻpol yoki takror buzilsa, hisobingizni toʻxtatib qoʻyishimiz mumkin; toʻxtatilgan hisobga kirib boʻlmaydi. Odatda avval ogohlantiramiz. Qarorga eʼtirozingiz boʻlsa, “Xizmat koʻrsatuvchi” boʻlimidagi kanallar orqali yozing.
Xizmat qanday boʻlsa, shundayligicha taqdim etiladi. Uzilishlarsiz va xatosiz ishlashi uchun harakat qilamiz, lekin buni kafolatlay olmaymiz: texnik ishlar, aloqa yoki xizmat koʻrsatuvchilardagi nosozliklar sabab sayt vaqtincha ishlamasligi mumkin.
Zehniy natijasiga tayanib qabul qilingan qarorlar — fan, yoʻnalish yoki imtihon sanasini tanlash — uchun javobgar emasmiz.
Bu cheklovlar isteʼmolchi sifatida qonun bergan huquqlaringizni cheklamaydi.
Shartlar oʻzgarsa, yangi matn shu sahifada eʼlon qilinadi va yuqoridagi sana yangilanadi. Muhim oʻzgarishlar kuchga kirishidan kamida 14 kun oldin @zehniyuz Telegram kanalida eʼlon qilinadi. Shundan keyin foydalanishni davom ettirsangiz, yangi shartlarga rozi boʻlasiz; rozi boʻlmasangiz, hisobingizni oʻchirishni soʻrashingiz mumkin.
Ushbu shartlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi va talqin qilinadi.
Nizo chiqsa, avval bizga yozing — murojaatingizga 15 kun ichida javob beramiz. Kelisha olmasak, nizo Oʻzbekiston Respublikasi sudida qonunda belgilangan tartibda hal qilinadi.