Qaysi so‘zlar juftligi tub va yasama so‘zlarga mansub bo‘la oladi?
Toʻgʻri javob: A) sozlar (musiqa asboblari) − sozlar (harakat bildiruvchi so‘z)
Ushbu test topshirig‘ini bajarishda abituriyentlardan so‘z tarkibi (asos, so‘z yasovchi qo‘shimchalar, shakl yasovchi qo‘shimchalar), tub va yasama so‘zlar haqidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish talab etiladi. «sozlar (musiqa asboblari) − sozlar (harakat bildiruvchi so‘z)» juftligida berilgan ko‘plik shaklidagi musiqa asbobi ma’nosini anglatuvchi sozlar (soz+ lar) so‘zi tub so‘z hisoblanadi, chunki uning tarkibida so‘z yasovchi qo‘shimcha mavjud emas. Ikkinchi sozlar so‘zi esa fe’l so‘z turkumiga mansub bo‘lib, soz sifatiga -la fe’l yasovchi va fe’lga xos zamon ma’nosini anglatuvchi -r shakl yasovchi qo‘shimchaning qo‘shilishi kuzatiladi. Bunday xulosaga kelish uchun ushbu so‘zlarning qavs ichida berilgan izohiga asoslanamiz. «olma(meva) − olma (harakat bildiruvchi so‘z)» juftligidagi har ikki so‘z tub so‘z sanaladi: olma (ot) – ol (fe’l) + ma (bo‘lishsizlik shakli). «kechik (daryoning kechuv joyi) − kechik (harakat bildiruvchi so‘z)» va «bo‘g‘ma (kasallik nomi) − bo‘g‘ma (belgi-xususiyat bildiruvchi so‘z)» juftliklaridagi har ikki so‘z yasama so‘z sanaladi: kech (fe’l) + ik (ot yasovchi) – kech(ravish) + ik(fe’l yasovchi); bo‘g‘(fe’l) + ma (ot yasovchi) – bo‘g‘(fe’l) + ma (sifat yasovchi)
Manba: UZBMB namunaviy test topshiriqlari (2021, mutaxassislik). N.M. Mahmudov va boshqalar. Ona tili. 6-sinf uchun darslik. "Tasvir" nashriyot uyi. Toshkent−2017