Quyidagi gaplarda ajratib ko‘rsatilgan band so‘zi haqida berilgan to‘g‘ri hukmni toping. 1. Usta pichoqqa band yasash bilan ovora ekan, bezovta qilmadik. 2. Suv kelmasdan band tashlama. 3. Shifokor hozir band, birozdan keyin xabar oling.
Toʻgʻri javob: A) Ushbu gaplarda qatnashgan band so‘zlarining barchasi o‘zaro shakldosh so‘zlar sanaladi.
Ushbu test topshirig‘i abituriyentning lug‘at boyligini, ya’ni so‘zlarning ma’nosini bilishi, tilda mavjud so‘zlarning shakl va ma’no munosabatini tushunishi, nutqiy parchada qo‘llangan so‘zning leksik qurshovdagi holatini tahlil qila olishini tekshirishga qaratilgan. Test topshirig‘ida tahlilga olingan so‘z "band" so‘z(lar)i bo‘lib, ushbu so‘z(lar)ning izohi lug‘atlarda quyidagicha keltirilgan: 1) band − narsa, qurol-asboblarning qo‘l bilan ushlanadigan qismi; 2) band − to‘siq, to‘g‘on, g‘ov; 3) band − biror faoliyat bilan mashg‘ul. Ma’lumki, so‘zlar anglatayotgan ma’nolar o‘rtasida ma’noviy bog‘liqlik bo‘lmasa yoki yo‘qolgan bo‘lsa, bunday so‘zlar shakldosh so‘zlar hisoblanadi. Demak, ushbu so‘zlar o‘zaro shakldosh so‘zlardir.
Manba: UZBMB namunaviy test topshiriqlari (2021, mutaxassislik). B.Mengliyev va boshqalar. Ona tili. 10-sinf uchun darslik. "O‘qituvchi" NMIU. Toshkent−2020