Yopishqoq lishaynik tanasida suvo‘t va zamburug‘larning birga hayot kechirishi organizmlar o‘zaro munosabatining qaysi turiga misol bo‘ladi?
Toʻgʻri javob: A) mutualizm
Mutualizm (lotincha “mutus” – o‘zaro) – har ikki populatsiya uchun o‘zaro manfaatli va majburiy munosabat turi. Bu munosabatlarning buzilishi bir yoki har ikkala populatsiya hayotiy faoliyatini cheklab qo‘yadi. Mutualizmga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lishayniklar tanasidagi zamburug‘ va suvo‘tining o‘zaro simbioz usulda yashashi misol bo‘ladi. Zamburug‘ mitselliylari suv va unda erigan mineral tuzlarni shimib, suvo‘tining yashashi uchun sharoit yaratadi. Suvo‘tida sodir bo‘ladigan fotosintez jarayoni natijasida sintezlangan uglevodlar zamburug‘ning oziqlanishi, o‘sishi va rivojlanishiga zamin tayyorlaydi. Neytralizm – bitta tabiiy jamoada yashaydigan organizmlar orasida har qanday foydali yoki zararli o‘zaro ta’sirning mavjud emasligi hisoblanadi. Bir ekosistemada yashaydigan, lekin har xil oziq bilan oziqlanuvchi turlarning hayoti ko‘pincha bir-biriga bog‘liq bo‘lmaydi. Parazitizm (“parazit – xo‘jayin”) – har xil turga mansub individlarning antagonistik munosabatlari bo‘lib, bir turga mansub organizm (parazit) boshqa turga mansub organizmdan (xo‘jayin) oziq manbayi va yashash joyi sifatida foydalanadi. Zamburug‘ning oziqlanishi, o‘sishi va rivojlanishiga zamin tayyorlaydi. O‘zaro raqobat – o‘xshash ekologik ehtiyojlarga ega turlar orasidagi munosabatlardir. Bunday turlar birga yashaganda birining mavjudligi hamma vaqt ikkinchisining yashash imkoniyatlarini kamaytiradi. Yuqoridagi fikrlarga asoslanib, «neytralizm», «o‘zaro raqobat», «parazitizm» xato hisoblanadi.
Manba: UZBMB namunaviy test topshiriqlari va ularni yechish bo‘yicha tavsiyalar (2020). Biologiya. A.G‘afurov va boshqalar. O‘rta ta’lim muassasalarining 11-sinfi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari uchun darslik “Sharq” nashriyoti-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2018