Qaysi gapda chiziqcha qo‘llash bilan bog‘liq imloviy xatolik mavjud emas?
Toʻgʻri javob: A) Sen-la baxtiyorman, aziz Vatanim, Senga fido bo‘lsin shu jon-u tanim.
Yozma savodxonlikni baholashga qaratilgan ushbu test topshirig‘i abituriyentlardan chiziqcha qo‘llash bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishni talab etadi. Bilan ko‘makchisining she’riy uslubga xos qisqargan shakli (-la) o‘zi bog‘langan so‘zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi va «Sen-la baxtiyorman, aziz Vatanim, …» gapida ushbu ko‘makchining yozilishi bilan bog‘liq xatolik kuzatilmaydi. Qo‘shimcha yuklamalarning ayrimlari o‘zidan oldin kelgan so‘zdan chiziqcha bilan ajratib, ayrimlari esa qo‘shib yoziladi. Ya’ni -mi, -dir, -oq(-yoq), -ov(-yov), -gina(-kina, -qina) kabi yuklamalar so‘zga qo‘shib yoziladi. -chi, -a(-ya), -u(-yu), -da, -ku, -e, -ey(-yey) kabi yuklamalar o‘zidan oldin kelgan so‘zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Test topshirig‘ining «Senchi, sen bugun bormaysan-mi?» va «Bu ishlarni bugun-oq bitiring.» gaplarida ushbu yuklamalarning yozilishi bilan bog‘liq imloviy xatolik kuzatiladi. «Gulzordagi och-sariq, qizil gullar nafis tebranib turibdi.» gapda ham chiziqcha noo‘rin qo‘llangan, chunki sifatning daraja shaklini hosil qiluvchi och, to‘q kabi so‘zlar belgi bildiruvchi so‘zlardan ajratib yozilishi kerak.
Manba: UZBMB namunaviy test topshiriqlari (2020, majburiy). N.M.Mahmudov va boshqalar. 7-sinf ona tili darsligi Toshkent “Ma’naviyat”-2017